
“Xorazm Shakar” MChJ bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Bugun, 4-iyun kuni “Xorazm Shakar” MChJ vakillari Urganch davlat universiteti bilan hamkorlik oʻrnatish maqsadida oliygohga tashrif buyurishdi. Dastlab universitet rektori B.Abdullayev bilan korxonaning Biznesni rivojlantirish bo’limi boshlig’i I.Muradullayev va Strategik rejalashtirish bo'limi boshlig’i A.Sobirovlar uchrashib, har ikki tomon uchun manfaatli bo’lgan memorandum imzolash borasida muzokaralar olib borishdi.
Ikki tashkilot oʻrtasida erishilgan kelishuv mohiyati Urganch davlat universitetining Kimyoviy texnologiyalar, Texnika, Fizika-matematika va Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetlari boʻyicha bitiruvchi talabalarni amaliyotga jalb qilish va iqtidorli, masʼuliyatli bitiruvchilarni ishga qabul qilish, shuningdek, hamkorlikda chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni koʻzda tutadi.
Shundan so’ng, mehmonlar bilan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Z.Ibragimov, Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Q.Yo’ldashev hamda tegishli fakultetlar dekanlari va vakillarining uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda korxona vakillari tomonidan zavod faoliyati va kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda universitet bilan birgalikda ishlash borasida maʼlumotlar berilib, har ikki tomon uchun ham manfaatli taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Maʼlumot oʻrnida, “Xorazm Shakar” MChJ Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida joylashgan boʻlib, 1998-yildan beri shakar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 440 ming tonnani tashkil etadi.